Navoiy Davlat konchilik instituti istiqlolning ilk yillarida O’zbekiston kon-metallurgiya majmuining ustuvor rivojlanishi va foydali qazilmalarni qazib olish hamda qayta ishlash sanoati uchun yuqori malakali mutaxassislar tayyorlab berish maqsadida – Navoiy davlat konchilik instituti tashkil qilinishi ham bugungi kunda zarur sohalarni malakali kadrlar bilan ta’minlashga zamin yaratdi.O’tgan yillar davomida institut faoliyati, zarur mutaxassis kadrlar tayyorlash borasida qilingan ishlar samarasi o’laroq, nafaqat Navoiy viloyatida barpo etilayotgan yirik sanoat korxonalari, balki butun Respublika miqyosida olib borilayotgan bunyodkorlik ishlarini tashkil etish, mineral xom ashyo bazalariga ega bo’lgan hududlarda yer osti boyliklarini qazib olish va qayta ishlash borasida yirik ixtisoslashgan gidrometallurgiya korxonalarida konchilik sanoati, metallurgiya, mashinasozlik, energetika, kimyo sohasini yanada rivojlantirish bo’yicha mutaxassis kadrlarga bo’lgan ehtiyojni qondirish imkonini berdi.
Bevosita ixtisosliklar bo’yicha to’xtalib o’tadigan bo’lsak, har bir yo’nalishda malakali kadrlar tayyorlash yo’lga qo’yilgan. Bugungi kunda institutda «Konchilik ishi», «Kon elektromexanikasi» va «Nodir va radioaktiv metall rudalarini qazib olish va qayta ishlash texnika va texnologiyasi», «Elektr energetikasi», «Mashinasozlik texnologiyasi, mashinasozlik ishlab chiqarish jihozlari va ularni avtomatlashtirish», «Texnologik jarayonlar va ishlab chiqarishlarni avtomatlashtirish va boshqaruv», «Metallurgiya”, «Kimyoviy texnologiya” bakalavriat ta’lim yo’nalishlari bo’yicha, «Foydali qazilma konlarini ochiq usulda qazib olish», «Foydali qazilmalarni yer osti usulida qazib olish», «Nodir va radioaktiv metall rudalarini qazib olish va qayta ishlash texnika va texnologiyasi», «Nodir va radioaktiv metall rudalarini qayta ishlash va boyitish texnologiyasi» kabi magistratura mutaxassisliklari bo’yicha malakali kadrlar tayyorlanmoqda.
Shuni alohida ta’kidlab o’tish kerakki, institut ichki imkoniyatlarini yuzaga chiqarish, nazariy ta’lim va amaliyot uygunligini ta’minlash, shu bilan bir qatorda institutning ilmiy-amaliy potentsialini yanada takomillashtirish borasida tegishli tashkilotlar bilan amalga oshirilayotgan samarali hamkorlik ishlari ham juda katta yordam bermoqda.
Fan, ta’lim va ishlab chiqarish orasidagi integratsiyani rivojlantirish maqsadida tegishli tashkilotlar qoshida qator kafedralar filiallari tashkil etildi. Jumladan, NKMK 1-gidrometallurgiya zavodida «Metallurgiya”, «Noyob va radiaktiv metallar rudalarini qazib olish va qayta ishlash texnika va texnologiyasi”, Navoiy mashinasozlik zavodi ishlab chiqarish birlashmasida «Mashinasozlik texnologiyasi va mashinasozlik ishlab chiqarishlarini avtomatlashtirish”, «Elektr texnikasi, elektr mexanikasi va elektr texnologiyalari”, «Texnologik jarayonlar va ishlab chiqarishni avtomatlashtirish va boshqaruv”, Navoiy elektr tarmoqlari korxonasi va Navoiy davlat issiqlik elektr stantsiyasida «Elektr energetika», Navoiy azot OAJda va Navoiy elektrokimyo zavodida «Kimyo va kimyoviy texnologiya” Toshkent viloyatidagi qalmohir kon boshqarmasida Olmaliq kon-metallurgiya fakultetining «Konchilik ishi» va Elektr texnikasi, elektr mexanikasi va elektr texnologiyalari» kafedralari filiallari shular jumlasidandir.